INSPEKSIYA FAOLIYATIGA OID

Savol – javoblar

Agar boshqa qiziqtirgan savollaringiz bo‘lsa, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi bilan bog‘lanishingiz mumkin

O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati kimlar tomonidan va qanday tartibda amalga oshiriladi?

Alkogol mahsulotlarini (bundan tabiiy vinolar va pivo mustasno) ishlab chiqarishga doir faoliyat O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan tegishli litsenziya asosida amalga oshiriladi.

Alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatiga litsenziya olish tartibi va zarur hujjatlar qanday?

Litsenziya olish uchun talabgor yoki uning nomidan ish yuritish vakolatiga ega bo‘lgan shaxs o‘z elektron raqamli imzosidan foydalangan holda litsenziya olish uchun “Litsenziya” AT yoki YAIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi hamda faoliyatning litsenziyalanadigan turini, shu jumladan, har bir kichik turini tanlab, elektron shaklda ariza yuboradi.
Bunda talabgordan quyidagilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi ishlab chiqarish obyektining pasporti talab etiladi:
– ishlab chiqarish obyektining bosh rejasi, shuningdek, ishlab chiqarish sikli va muhandislik-texnik kommunikatsiyalarining joylashishi to‘g‘risidagi hujjatlar;
– uskunaning ishlab chiqarilgan yili, ishlab chiqaruvchisi va ishlab chiqarilgan mamlakat;
– uskunaning texnik holati va o‘rnatilgan ishlab chiqarish quvvatlari.

Litsenziya olganlik uchun yillik to‘lov miqdori qanaqa?

Alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatining kichik turiga qarab bazaviy hisoblash miqdorining 25 barobaridan 250 barobarigacha miqdorda;
Tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 barobari miqdorda.

Litsenziyaning amal qilish muddati qanday?

Alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatiga litsenziyalar amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi.

Alkogol mahulotlari bilan ulgurji va chakana savdo qilish faoliyati kimlar tomonidan va qanday tartibda amalga oshiriladi?

Alkogol mahsulotlarining (bundan tabiiy va ko‘piklanadigan vinolar mustasno) ulgurji savdosiga doir faoliyat tegishli litsenziya asosida yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Alkogol mahsulotlarining chakana savdosiga doir faoliyat va alkogol mahsulotlarini umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan realizatsiya qilishga doir faoliyat yuridik shaxslar tomonidan Vakolatli davlat organiga mazkur faoliyat boshlanishi to‘g‘risida xabarnoma yuborish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Tamaki mahulotlari bilan ulgurji va chakana savdo qilish faoliyati kimlar tomonidan va qanday tartibda amalga oshiriladi?

Tamaki mahsulotlarining va tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarining ulgurji va chakana savdosi qonunchilikka muvofiq yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan Vakolatli davlat organiga mazkur faoliyat boshlanishi to‘g‘risida xabarnoma yuborish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda qanday standartlar va ishlab chiqarish talablari bajarilishi shart?

Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda quyidagi standartlar va talablar bajarilishi shart:
1. Davlat standartlariga muvofiqlik:
Mahsulot ishlab chiqarishda O‘zbekiston Respublikasi davlat standartlari (O‘zDST) talablari bajarilishi lozim.
Mahsulot tarkibi, sifat ko‘rsatkichlari va xavfsizlik me’yorlari bo‘yicha normativ talablar bajarilishi shart​.
2. Texnik va texnologik talablar:
Ishlab chiqarish texnologiyasi va uskunalari zamonaviy texnologik talab va me’yorlarga mos bo‘lishi kerak.
Ishlab chiqarish jarayonida sanitariya-gigiyena va xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilinishi lozim​​.
3. Sertifikatlashtirish:
Ishlab chiqarilayotgan mahsulot belgilangan majburiy talablariga rioya qilingandan so’ng  sertifikatlashtirishdan o‘tadi. Bu sertifikat mahsulotning iste’molga yaroqliligini va standartlarga mosligini tasdiqlaydi​.
4. Aksiz markalari:
Alkogol va tamaki mahsulotlari majburiy tartibda aksiz markalari bilan ta’minlanadi. Bu ularning qalbaki mahsulotlarni oldini olib qonuniy ishlab chiqarishni ta’minlaydi va soliq talablariga muvofiqligini bildiradi​.
5. Atrof-muhitni himoya qilish:
Ishlab chiqarish jarayonida ekologik xavfsizlik qoidalari va atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya qilinishi shart. Chiqindilarni qayta ishlash yoki ekologik xavfsiz tarzda utilizatsiya qilish muhim ahamiyatga ega​.
6. Sanitariya va gigiyena talablari:
Ishlab chiqarish joylari sanitariya-gigiyenik me’yorlarga muvofiq jihozlanishi kerak. Ishlab chiqarish jarayonida faqat xavfsiz xomashyo va ingredientlardan foydalanishga ruxsat etiladi​.

Qanday holatlarda alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularning savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatida nazorat xaridi amalga oshiriladi?

Alkogol mahsulotlari ishlab chiqarishda va ularning savdosida sifat talablariga, shuningdek, aksiz markalarini qo‘llash hamda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tartiblariga rioya etilishi yuzasidan o‘tkaziladigan tekshirishlar nazorat xaridini amalga oshirish yo‘li bilan ham o‘tkazilishi mumkin.

Skip to content