O‘zbekiston Respublikasining 14.07.2021-yildagi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 21.02.2022-yildagi 80-son qaroriga asosan tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati uchun litsenziya olishda taqdim etiladigan hujjatlar hamda litsenziya talab va shartlari quyidagi tartibda belgilangan:

🔹 tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga, texnik reglamentlarga yoki standartlarga majburiy rioya qilish;
🔹 ishlab chiqarishning to‘liq texnologik jarayoniga rioya qilish — binolar yaxlitligi, xom ashyoni pirovard iste’molchiga sotish uchun tayyor mahsulot etib qayta ishlashni ta’minlovchi texnologik asbob-uskunalarning mavjudligi;
🔹 tamaki mahsulotlari ishlab chiqarishni texnik nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi organlari tomonidan akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarning mavjudligi;
🔹 tamaki mahsulotlari ishlab chiqarishda texnika xavfsizligini, yong‘in xavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi va ekologiya talablari va normalarini ta’minlash;
🔹 ro‘yxatdan o‘tkazilgan (patentlangan) tovar belgilarining mavjudligi;
🔹 mahsulotning har bir turi bo‘yicha xalqaro va milliy standartlar talablariga muvofiq ishlab chiqilgan texnologik yo‘riqnomalarning mavjud bo‘lishi;
🔹 ishlab chiqarilayotgan tamaki mahsulotlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda aksiz markalari bilan markalash uchun asbob-uskunalarning mavjud bo‘lishi;
🔹 tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda texnik reglamentlar yoki standartlar talablariga javob beruvchi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda berilgan tegishli sertifikatlarga ega bo‘lgan, shu jumladan, import qilingan tamaki xom ashyosidan foydalanish. Bunda mahalliy sotib olingan tamaki xom ashyosi tamaki mahsulotlari ishlab chiqarishda foydalaniladigan umumiy yillik hajmning 20 foizidan kam bo‘lmasligi lozim.
Ushbu faoliyat yuzasidan litsenziyaga ega bo‘lishda tadbirkorlik subyektidan ariza va ishlab chiqarish obyektining pasporti talab etiladi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda Respublikamizda jami 3 ta litsenziyaga ega tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari mavjud.
